Shaxmat Olimpiadasi. O‘zbekiston 2-o‘rindagi Xitoyni ham mag‘lub etdi
Shaxmat Olimpiadasi. O‘zbekiston 2-o‘rindagi Xitoyni ham mag‘lub etdi
Ushbu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston-1 jamoasi turnir jadvalida peshqadamligini yanada mustahkamladi.
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar asosiy jamoasi Samarqandda o‘tkazilayotgan shaxmat Olimpiadasida g‘olibona yurishini davom ettirmoqda.
Bugun, 23 sentyabr kuni 7-tur uchrashuvlari doirasidagi markaziy bahsda mezbonlar to‘rtligi Xitoydan kelgan raqiblarga qarshi dona surdi.
Dastlab Javohir Sindarov Vey I bilan, Muhiddin Madaminov Hu Hiangyu bilan durangga imzo chekdi – 1:1.
Ushbu qarama-qarshilikni hal qiluvchi bahslarda esa Nodirbek Abdusattorov 17-jahon chempioni Ding Lirenni, 6-tur qahramoni Nodirbek Yoqubboyev Yu Yangyuni taslim etdi va yakuniy hisob 3:1 ko‘rinishini oldi.
Bu g‘alabadan keyin O‘zbekiston-1 jamoasi ochkolari sonini 14 taga yetkazdi va turnir jadvalidagi yakkapeshqadamligini davom ettirdi.