Shaxmat. Nomzodlar turniriga Blyubaum qanday tayyorgarlik ko'rmoqda?
Nomzodlar turniri–2026 startiga sanoqli kunlar qoldi.
Tayyorgarlik haqida Germaniya shaxmat ittifoqi prezidenti Ingrid Lauterbach shunday dedi:
“Biz uchun unga eng yaxshi sharoitlarni yaratish juda muhim edi.”
Matthias Blyubaum tayyorgarligi uchun jami 86 000 yevro yig‘ildi.
Blyubaum bu yordam uchun minnatdorligini bildirdi va bu mablag‘lar tayyorgarlik bosqichida katta yordam bo‘lganini ta’kidladi. U o‘zining g‘alaba imkoniyatini atigi 1–2% deb baholayapti. Aynan shu sababli professional sharoitlar uning uchun ayniqsa muhim.
DSB moliya bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr fon Gleyx ham o'z fikrini bildirdii:
“Biz uning raqiblari bilan teng sharoitga ega bo‘lishini xohladik. Bunday top darajadagi turnir aynan shunday xarajatlarni talab qiladi. Matthias erkin o‘ynashi va maksimal natija ko‘rsatishi uchun uning atrofida kuchli jamoa bo‘lishi kerak.”
Blyubaum uchun esa bu biroz noodatiy holat:
“Menimcha, mening darajamdagi o‘yinchilarda odatda sekundantlar bo‘lmaydi. Balki ba’zilarida murabbiy bo‘lishi mumkin, lekin hammasida emas.”
So‘nggi yillarda DSB yig‘inlaridan tashqari, u muntazam individual mashg‘ulotlar o‘tkazmagan. Ammo Nomzodlar turnirida har bir ishtirokchining sekundantlari va murabbiylari bor — shu sabab u ham bu darajaga mos tayyorgarlik ko‘ra olganidan xursand. Blyubaum maxsus yig‘inlar orqali raqiblariga qarshi aniq tayyorlanishga ham erishdi.
Yana bir muhim yordam tadbirkor, Freestyle Chess Grand Slam asoschilaridan Yan Henrik Byuttner tomonidan bo'lib, u uzoq muddatli tayyorgarlik lageri uchun Boltiq dengizi bo‘yidagi Vayssenxaus qarorgohini taqdim etdi.
Shuningdek, ChessBase kompaniyasi Blyubaum va uning jamoasiga tayyorgarlik uchun superkompyuterdan bepul foydalanish imkonini berdi.