Shaxmat. London Chess Classic 2025: Nodirbek Abdusattorovdan ajoyib seriya
Buyuk Britaniyaning London shahridagi Emirates Stadium majmuasida davom etayotgan London Chess Classic 2025 turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Ular qatorida yurtimiz faxri, yosh grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ham yuqori darajada o‘yin namoyish qilmoqda.
Hamyurtimiz birinchi turda britaniyalik Gawayn Jonesga qarshi durang o‘ynagan bo‘lsa, keyingi turlarda ketma-ket oltita g‘alabani qo‘lga kiritdi:
• 2-tur: Oq donalarda AQSh sharafini himoya qilayotgan hindistonlik Abhimanyu Mishra ustidan g‘alaba.
• 3-tur: Qora donalarda Rossiya vakili, hozirda Angliya bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan Nikita Vityugovni mag‘lub etdi.
• 4-tur: 54 yoshli britaniyalik tajribali shaxmatchi Michael Adamsni yengdi.
• 5-tur: Qora donalarda AQSh chempioni Sam Shanklandni taslim qildi. Ushbu turda g‘alaba qozongan yagona shaxmatchi ham Abdusattorov bo‘ldi.
• 7-tur: Oq donalarda ingliz grossmeysteri Luke McShane ustidan ishonchli g‘alaba.
Shu tariqa Abdusattorov 6,5 ochko jamg‘arib, musobaqada yakka peshqadamlikni mustahkamlab bormoqda.
Uning eng yaqin ta’qibchisi — turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi, fransiyalik Alireza Firouzja, undan 2 ochkoga ortda qolmoqda. 8-turda ular o‘zaro bahs olib borishadi. Hatto durang natijasi ham Nodirbekni muddatidan avval turnir chempioniga aylantirishi mumkin.