Shaxmat. Grand Swiss xotirasi: Blyubaum va siniq laganlar tarixi
Matthias Blyubaum Grand Swiss turnirida 2-o‘rinni egallaganidan so'ng, tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘asi sifatida lagan bilan taqdirlangandi. Ammo bu sovg‘aning sarguzashti kutilmagan tarzda davom etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, nemis grossmeysteri laganni bagajga topshirgan va u yo‘lda sinib ketgan. Shundan so‘ng, Samarqanddan unga yangi lagan yuborilgan. Afsuski, ikkinchi laganning taqdiri ham unchalik omadli bo‘lmadi.
— Endi menda ikkita sinib ketgan "pitsa likopchalari" bor! Birinchisi qaytish yo‘lida omon qolmadi, shundan keyin O‘zbekistondagi tashkilotchilar menga yangisini jo‘natishdi. Afsuski, u ham sinib ketdi.
Endi men ikkita siniq laganlardan qanday qilib saqlab qolsa bo‘ladigan biror suvenir yasash mumkinligi haqida o‘ylashim kerak. Qanday bo‘lmasin, bu turnirni doim eslatib turadigan biror narsa qolishini xohlayman, — dedi Blyubaum.
Matthias bu siniq laganlardan qanday suvenir yasashini hozircha aytish qiyin, biroq bir narsa aniq — bu Matthias uchun Grand Swiss'dan o‘ziga xos yorqin xotira bo'lib qoldi.