Shaxmat. Dilnoza Nurullayeva jahon chempionligi uchun bahs olib boradi
SPORT MAKTABI SHAXMATCHISI ILK BOR JAHON ChЕMPIONATIDA DONA SURADI
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) taqvim rejasiga asosan, 3-16 oktyabr kunlari Albaniya davlatining Durres shahrida o‘n to‘rt yoshgacha (U-14), o‘n olti yoshgacha (U-16) va o‘n sakkiz yoshgacha (U-18) bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi jahon chempionati o‘tkaziladi.
Ushbu musobaqada 83 ta davlatning 700 nafardan ziyod eng sara yosh “aql gimnastikasi” sohiblari qatnashadi. Jumladan, barcha yosh toifasida o‘zbekistonliklar ham ishtirok etadi.
Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarixida Dilnoza Nurullayeva ilk bor yosh shaxmatchilarning mazkur nufuzli anjumanida jahon chempionligi uchun bahs olib boradi. Aniqrog‘i, trener Dinara Alibekovaning iqtidorli shogirdi U-14 yosh toifasining qizlar birinchiligida dona suradi.
Dilnozaga musobaqada omad tilaymiz!