Shavkatbek Muhiddinov: «Keyingi Superkubokni Andijonda o‘tkazaylik»
Ko‘p karra O‘zbekiston chempioni va sovrindori, milliy terma jamoa safida birinchilardan bo‘lib Osiyo vitse-chempioni bo‘lgan Shavkatbek Muhiddinov 26 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
"Mamlakatimiz futzalining bugungi taraqqiyotini ko‘rib, to‘g‘risi havasim keladi. O‘tgan mavsum yurtimizda Jahon chempionati o‘yinlari birinchi marta yuqori darajada tashkil etildi. Mundial bois Andijon va Buxoro shaharlarida jahon andozalariga javob beradigan sport zallari qurilib, foydalanishga topshirildi. Biz bunday sharoitlarni faqat orzu qilganmiz. Dastlabki milliy chempionatlarimiz o‘tgan yillar beixtiyor yodimga tushadi: standartlarga umuman javob bermaydigan, tor, nimqorong‘i, atrofi temir ustunlari bor zallarda o‘ynagan ekanmiz. Endi qarang nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham zamonaviy sport zallari futzal ixlosmandlari, shug‘ullanuvchilarning ixtiyoriga berib qo‘yilibdi.
Meni yana bir jihat to‘lqinlantirdi. O‘FF o‘z shafeligidagi musobaqalarga o‘ta mas’uliyat va o‘zgacha ishtiyoq bilan yondoshyapti. Bu yil mamlakat kubogi bahslari turli viloyatlarida o‘tkazilib, chekka hududlardagi futzal muxlislarga ushbu turnirning jozibasidan bahramand bo‘lish imkoniyatini taqdim etgandi. Endi esa mamlakatimiz futzali tarixida birinchi marta O‘zbekiston Superkubogi muhtasham “Humo Arena” majmuasida tashkil etilmoqda. Boz ustiga, bu tadbirga taklif etilayotgan mashhur futbolchilar ro‘yxatiga nazar tashlang: Cannavaro, Dida, Serginho, Ribery, Roberto Carlos... Biz bu futbolchilarni faqat televizor orqali ko‘rganmiz. O‘yinlariga mahliyo bo‘lib ulg‘ayganmiz. Bayram arafasida afsonaviy futbolchilarni serquyosh yurtimizga taklif etgan, futbol ishqibozlariga haqiqiy bayramona kayfiyatni ulashishni niyat qilgan insonlarga katta rahmat. Men o‘zim ham Andijondan Superkubok o‘yiniga bormoqchiman. Olamshumul tadbirdan bahra olmoqchiman. Mamlakatimizning ayni paytdagi eng kuchli ikki jamoasi o‘rtasidagi murosasiz raqobatdan zavqlanib, unutilmas jarayonlarning bir qismiga aylanishni istayman.
Futzal rahbariyatidan bitta iltimosim, so‘rovim bor edi. Mana shunday unutilmas tadbirlarning keyingisini Andijonda o‘tkazaylik. Futbolni, futzalni Andijonda qanday yaxshi ko‘rishlarini aytmasam ham barcha biladi. Ishontirib aytamanki, vodiyda tashkil etiladigan bu kabi tadbirlar zo‘r muvaffaqiyat hamda anshlagda o‘tadi.