Shavkat Mirziyoyev yangi Olimpiya shaharchasini ko‘zdan kechirdi
18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qurilishi yakunlangan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Loyiha uchun 2022 yil 9 noyabrda tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida 100 gektardan ortiq maydonda zamonaviy sport infratuzilmasi bunyod etildi.
Qariyb 290 million dollar qiymatdagi ushbu inshoot “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq barpo etildi. Shaharcha tarkibida 5 ta asosiy sport majmuasi joy olgan.
Ular orasida zamonaviy velodrom alohida ajralib turadi. U murakkab muhandislik yechimlari asosida qurilgan bo‘lib, yo‘lakning qoplamasi, burchaklari va dizayni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Unda 2,2 ming tomoshabinga mo‘ljallangan o‘rindiqlar va himoya to‘siqlari o‘rnatilgan. Majmuada stol tennisi va qilichbozlik musobaqalarini ham o‘tkazish mumkin.
Shaharchaning markaziy qismida 12 ming o‘rinli stadion qad rostlagan. Unda yengil atletikaning 48 yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar, jahon chempionatlari va paraatletika bahslarini qabul qilish imkoniyati mavjud.
Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish, ayniqsa, stol tennisi har bir maktab va mahallada keng joriy etilishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, velosportni rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.