Sharl Lekler: «Rostini aytsam, boshqa joyda har bir detalga bu qadar katta eʼtibor qaratilganini koʻrmaganman»
«Ferrari» jamoasi piloti Sharl Lekler O‘zbekistonga tashrifi haqida fikr bildirdi. Monakolik poygachi 12 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning tantanali gala-kechasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan edi.
«Bu shunchaki aqlbovar qilmas darajada! Bugun ko‘rganlarim meni hayratda qoldirdi. Rostini aytsam, boshqa joyda har bir detalga bu qadar katta e’tibor qaratilganini ko‘rganimga ishonchim komil emas. Markaz juda ajoyib. Men boshqa mamlakatlar madaniyatiga katta qiziqish bildiraman. O‘zbekiston juda boy va qiziqarli tarixga ega. Bu yerga taklif etilganimdan faxrlanaman va ushbu mamlakat haqida imkon qadar ko‘proq ma’lumot olishga harakat qilyapman», — deya Leklerning so‘zlarini keltiradi RaceFans nashri.
Mavsum yakunlariga ko‘ra, Sharl Lekler Formula-1 pilotlari umumiy reytingida 242 ochko bilan beshinchi o‘rinni egalladi. Uning jamoadoshi, yetti karra Formula-1 chempioni britaniyalik Lyuis Xemilton 156 ochko bilan oltinchi pog‘onadan joy oldi. Joriy mavsumning jahon chempioni esa «MCLaren» jamoasi piloti Lando Norris bo‘ldi.