Sharjah Masters. O'zbek derbisida Abdusattorov ustun, Nig'matov va Madaminovdan muhim g'alabalar
Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida bo'lib o'tayotgan Sharjah Masters 2025 xalqaro shaxmat turniri qizg'in pallaga kirdi. 73 000 dollarlik mukofot jamg'armasiga ega ushbu musobaqaning “Masters” guruhida to'rt nafar yurtdoshimiz — Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va Ortiq Nig'matov yuqori o'rinlar uchun kurash olib bormoqda.
3-tur doirasida o'ziga xos o'zbek derbisi guvohi bo'ldik. Ilk ikki turda durang qayd etgan Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Jahongir Vohidovga qarshi maydonga chiqib, muhim g'alabaga erishdi. Vohidov avvalgi turlarda bir mag'lubiyat va bir g'alabani qo'lga kiritgan edi. Bu safar tajriba va musobaqalardagi barqarorlik hal qiluvchi omil bo'ldi.
Shu tur doirasida Ortiq Nig'matov oq donalarda amerikalik Akobyan Varujanni mag'lub etib, ketma-ket ikkinchi g'alabasini qo'lga kiritdi — u avvalgi turda hindistonlik Sankalp Guptani ham ortda qoldirgandi.
Muhiddin Madaminov esa aynan shu Guptani 3-turda mag'lub etdi. Qizig'i shundaki, hind grossmeysteri ketma-ket ikki bahsda o'zbekistonlik raqiblariga imkoniyatni boy berdi.