Sharjah Masters. O‘zbek derbisida Abdusattorov ustun keldi
BAAning Sharja shahrida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli Sharjah Masters 2025 turnirining 3-tur bahslari kecha, 19 may kuni yakunlandi. Mukofot jamg‘armasi 73 000 dollarni tashkil etuvchi mazkur musobaqaning “Masters” toifasida to‘rt nafar yurtdoshimiz – Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va Ortiq Nighmatov faol ishtirok etmoqda.
Kechagi tur doirasida o‘ziga xos o‘zbek derbisi guvohi bo‘lindi — qora donalarda o‘ynagan Nodirbek Abdusattorov Jahongir Vohidov ustidan g‘alaba qozondi. Avvalgi ikki turda durang qayd etgan Abdusattorov ushbu yutuq orqali ochkolarini ko‘paytirdi.
Ortiq Nighmatov esa oq donalarda AQSH vakili Akobyan Varujanni mag‘lub etdi. U, shuningdek, oldingi turda hindistonlik Sankalp Guptani ham yenggan edi.
Muhiddin Madaminov 3-turda aynan Guptaga qarshi to‘qnash keldi va g‘alaba qozondi. Hind grossmeysteri ketma-ket ikki mag‘lubiyatni aynan o‘zbekistonlik shaxmatchilardan qabul qildi.
Uchinchi tur yakunlariga ko‘ra, Ortiq Nighmatov 2,5 ochko bilan peshqadamlar qatoridan joy oldi. Nodirbek Abdusattorovning hisobida 2 ochko bo‘lib, u reytingda yuqoriga ko‘tarildi. Jahongir Vohidov 1 ochko bilan 52-o‘rinda, Muhiddin Madaminov esa 1,5 ochko bilan o‘rta qismda bormoqda.