Sharjah Masters 2025: Abdusattorov peshqadamni to'xtatdi, Nighmatov g‘alaba qozondi, o‘zbek derbisida durang
BAAning Sharja shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro Sharjah Masters 2025 musobaqasida 7-tur uchrashuvlari ortda qoldi. Jami 73 ming dollar mukofot jamg‘armasiga ega bo‘lgan mazkur nufuzli turnirda O‘zbekistonlik to‘rt nafar grossmeyster — Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va Ortiq Nighmatov “Masters” guruhida ishtirok etmoqda.
Turning markaziy uchrashuvlaridan biri birinchi raqamli Nodirbek Abdusattorov va ikkinchi raqamdagi Anish Giri (Niderlandiya) o‘rtasida kechdi. Qora donalarda harakat qilgan Abdusattorov tajribali raqibi bilan durangga rozi bo‘ldi. Bu natija orqali hamyurtimiz 5 ochko bilan umumiy jadvalda 2-o‘ringa ko‘tarildi. Peshqadamlikni 5,5 ochko to‘plagan Giri saqlab qoldi.
Tur doirasida o‘zbek derbisi ham kuzatildi — Jahongir Vohidov va Muhiddin Madaminov o‘zaro bellashuvda kuch sinashishdi. Bellashuv 15-yurishdan keyin durang bilan yakunlandi. Har ikki grossmeysterimiz hisobida hozircha 2 ochkodan mavjud.
Shuningdek, Ortiq Nighmatov oq donalarda rossiyalik Aleksey Grebnev ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi va ochkolarini 4 taga yetkazdi. U hozircha 24-pog‘onada bormoqda.
Sakkizinchi tur arafasida Anish Giri 5,5 ochko bilan yakka peshqadamlikni saqlayotgan bo‘lsa, Abdusattorov, Salem Saleh (BAA), Shant Sargsyan (Armaniston), Aleksandar Indjich va Velimir Ivich (Serbiya) kabi grossmeysterlar 5 ochkodan jamg‘arib turnirdagi jiddiy raqobatni saqlab turibdi.
Bugungi 8-turdagi juftliklar:
Nodirbek Abdusattorov – Salem Saleh (oq donalarda)
Ortiq Nighmatov – Devid Gavrilesku (qora donalarda)
Jahongir Vohidov – Jiovanni Veskovi (qora donalarda)
Muhiddin Madaminov – Yakub Simann (oq donalarda)