Shamsiddin Vohidov jahon Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi, Gulruhbegim va boshqa yetakchilar marradan chetda qolishdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. 80 000 AQSH dollari mukofot jamg‘armasiga ega ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi keng tarkibda ishtirok etdi. Bu chempionat joriy yilda bo‘lib o‘tadigan jahon Kubogiga yo‘llanma berishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etar edi.
Quvonarlisi, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Shamsiddin Vohidov kuchli uchlikdan joy olib, bronza medali va jahon Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Chempionatning so‘nggi — 9-turida ikki o‘zbekistonlik grossmeyster, Vohidov (2641) va musobaqadagi birinchi raqamli yurtdoshimiz Nodirbek Yakubboev (2665) o‘zaro to‘qnash kelishdi. “O‘zbek derbisi” durang bilan yakunlandi. 9 turda 6,5 ochko to‘plagan Vohidov 3-o‘rinni egallab, shu bilan birga 6000 dollarlik mukofotga ham sazovor bo‘ldi. Yakubboev esa 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 15-o‘ringa tushdi va 500 dollar mukofot bilan cheklandi.
Ayollar o‘rtasida esa eng yaxshi natijani Afruza Hamdamova qayd etdi. Ikki karra yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni 9-turda rossiyalik Mariya Yakimovani mag‘lub etib, umumiy hisobda 6,5 ochko bilan 8-o‘rinni egalladi. Uning mukofoti — 800 dollar.
Eng yuqori umidlar bog‘langan shaxmatchilardan biri — Gulruhbegim Tohirjonova esa hal qiluvchi bahsda yutqazib, Osiyo chempioni bo‘lish imkoniyatini boy berdi. 9-turda u xitoylik Song Yusinga qarshi qora donalarda o‘ynab mag‘lubiyatga uchradi. Raqibi ushbu g‘alaba orqali 7 ochko to‘plab chempionlikni qo‘lga kiritdi. Tohirjonova esa 6 ochko bilan musobaqani 10-o‘rinda yakunlab, 600 dollar mukofot bilan taqdirlandi.
