Seulda «O‘zbekiston Elchisi kubogi» xalqaro Kurash musobaqasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Seulda «O‘zbekiston Elchisi kubogi» xalqaro Kurash musobaqasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Janubiy Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida 27–30 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston Elchisi kubogi» 2-xalqaro Kurash chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.
Mazkur musobaqaga bag‘ishlangan tashkiliy yig‘ilishda IKA Prezidenti maslahatchisi Umid Yakubov, IKA Administratsiya rahbari Mansur Mirzayev, IKA Sport qo‘mitasi a’zosi Juan Da Wei hamda IKA xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda videokonferensaloqa orqali Koreya Kurash federatsiyasi Prezidenti Bae Hyeong Sik ham qatnashdi.
Muloqot davomida musobaqaning tashkiliy va texnik jihatlari, ishtirokchi jamoalarni qabul qilish, musobaqa jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, hakamlik va texnik delegatsiya faoliyati bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
«O‘zbekiston Elchisi kubogi» musobaqasi ikkinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami munosabati bilan tashkil etilmoqda. Bu galgi chempionatda Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari, shuningdek, mezbon davlat — Koreya milliy terma jamoalarining ishtiroki belgilangan.
Musobaqa nafaqat sport maydonidagi raqobat, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Musobaqani O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi Elchixonasi, Koreya Kurash federatsiyasi va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi hamkorlikda tashkil etmoqda.
Musobaqaning asosiy bahslari 29 avgust kuni Duksung ayollar universitetining Hananuri Gymnasium zalida o‘tkaziladi. Dasturda erkaklar o‘rtasida -66, -81, -100 va +100 kg, ayollar o‘rtasida esa -52, -63, -78 va +78 kg vazn toifalari belgilangan.