Sarvarjon Hamidov PFL turnirida raqibini birinchi raunddayoq nokaut qildi
Tojikistonlik MMA jangchisi Sarvarjon Hamidov AQSHning Chikago shahrida tashkil etilgan PFL turnirida navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 29 yoshli sportchi braziliyalik Rafael du Nasimentuga qarshi jangda raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. Shu tariqa Hamidov professional faoliyatidagi 18-g‘alabasini qayd etdi. Bu haqda MMA Junkie nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 16-oktabr kuni ‘‘Wintrust Arena’’da bo‘lib o‘tgan jang o‘ta yengil vazn toifasida tashkil etilgan. Bellashuv boshidanoq Hamidov faol harakat qilib, raqibiga bosim o‘tkazgan. Birinchi raundning 1:49-daqiqasida tojikistonlik jangchi chap qo‘lda aniq zarba yo‘llab, braziliyalik raqibini nokdaunga uchratgan. Shundan so‘ng Hamidov parterda ketma-ket zarbalar berishni davom ettirgan va hakam jangni muddatidan oldin to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Ushbu g‘alaba Hamidov uchun ketma-ket ikkinchi muvaffaqiyat bo‘ldi. Jangchi 2025-yilda Magomed Magomedovga qarshi bahsda professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan edi. Shundan so‘ng u amerikalik Jastin Vetsellni bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etib, g‘alabali yo‘lga qaytgan. Braziliyalik Rafael du Nasimentu esa ushbu jangga qadar ketma-ket to‘rtta g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lib, Hamidov uning muvaffaqiyatli seriyasiga nuqta qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Sarvarjon Hamidov professional MMA faoliyatida 19 ta jang o‘tkazib, 18 g‘alaba va bitta mag‘lubiyat qayd etgan. U oltita jangni nokaut, beshtasini sabmishen va yettitasini hakamlar qarori bilan yakunlagan. Dushanbedagi ‘‘55 Spirit’’ klubida tayyorgarlik ko‘radigan sportchi PFLning o‘ta yengil vazn reytingida oltinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Hozircha uning navbatdagi raqibi va jang sanasi e’lon qilinmagan.