Sarvarjon Hamidov PFL jangidan oldin vazn o‘lchash marosimidan muvaffaqiyatli o‘tdi
O‘zbekistonlik MMA jangchisi Sarvarjon Hamidov AQSHda tashkil etiladigan PFL Chicago turniri oldidan rasmiy vazn o‘lchash marosimida qatnashdi. Hamyurtimiz belgilangan vazn chegarasidan muvaffaqiyatli o‘tib, braziliyalik Rafael du Nasimentuga qarshi jang qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda PFL turnirining rasmiy vazn o‘lchash natijalarida ma’lum qilindi.
Manbaga ko‘ra, Hamidov tarozida 135,8 funt, ya’ni taxminan 61,6 kilogramm vazn ko‘rsatgan. Uning raqibi Rafael du Nasimentu esa 135,4 funt natija qayd etgan. Shu tariqa, ikki jangchining ham belgilangan talablarni bajargani tasdiqlangan.
Hamyurtimizning jangi Chikagodagi Wintrust Arena'da tashkil etiladigan turnirning asosiy kardidan joy olgan. Ushbu oqshomda Timur Xizriyev va Gabriel Braga o‘rtasidagi to‘qnashuv ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, PFL Chicago turnirining markaziy jangida Liz Karmush va Jena Bishop vakant chempionlik kamari uchun bellashadi. Hamidovning 16-oktabrdagi ishtiroki esa O‘zbekiston MMA muxlislari uchun kunning muhim voqealaridan biri hisoblanadi.