Sambo. FIAS ishchi guruhi Toshkentda Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
FIAS ishchi guruhi Toshkentda Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
Xabaringiz bor, shu yil noyabr oyida Toshkent shahri sambo bo‘yicha yubiley - 50-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Bunday nufuzli turnirning mamlakatimizga ishonib topshirilishi albatta Xalqaro sambo federatsiyasining yurtimizga bo‘lgan ishonchi namunasidir. O‘z navbatida bunday nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ham o‘ziga yarasha mas’uliyat talab etadi.
O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa allaqachon musobaqaning tashkiliy jarayonlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Tayyorgarlik bilan tanishish uchun Xalqaro sambo federatsiyasining ishchi guruhi bugun - 6 avgust kuni Toshkentda mehmon bo‘ldi.
Ishchi guruh safida Xalqaro sambo federatsiyasi bosh kotibi Aleksandr Korsik, marketing bo‘linmasi raxbari Yelena Prekrasnaya, media xizmat bo‘limi boshlig‘i Roman Barkovlardan iborat mutaxassislar Toshkentda bo‘lishdi.
Ularga yurtimizda JCH uchun olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari tanishtirildi. Jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Sanat Gulomnazarov, Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, rais o‘rinbosari Islom Adilov ishchi guruhga hamrohlik qildi.
FIAS mutasaddilari musobaqa o‘tkaziladigan arena, mehmonxonalar va boshqa bir qator manzillarni borib ko‘rishdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 6-8 noyabr kunlari Toshkentda, Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladi.