Sambo. FIAS ishchi guruhi Samarqandda Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
FIAS ishchi guruhi Samarqandda Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi.
Xabaringiz bor, shu yil noyabr oyida Samarqand shahri sambo bo‘yicha yubiley - 50-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Bunday nufuzli turnirning mamlakatimizga ishonib topshirilishi albatta Xalqaro sambo federatsiyasining yurtimizga bo‘lgan ishonchi namunasidir. O‘z navbatida bunday nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ham o‘ziga yarasha mas’uliyat talab etadi.
O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa allaqachon musobaqaning tashkiliy jarayonlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Tayyorgarlik bilan tanishish uchun Xalqaro sambo federatsiyasining ishchi guruhi Samarqandda mehmon bo‘ldi.
Ishchi guruh safida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti apparati rahbari Oleg Artyomyuk, sport direktori Sergey Tabakov, strategik aloqalar bo‘limi rahbari Yelena Prekrasnaya, FIAS bosh direktori Aleksandr Korsik, Xalqaro aloqalar bo‘limi vakili Lianna Kirakosyan, dijital yo‘nalish rahbari Aleksandr Solomaxindan iborat mutaxassislar Samarqandda bo‘lishdi.
Ularga yurtimizda JCH uchun olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari tanishtirildi. Jarayonlarda Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, rais o‘rinbosari Islom Adilov ishchi guruhga hamrohlik qildi.
FIAS mutasaddilari musobaqa o‘tkaziladigan arena, mehmonxonalar va boshqa bir qator manzillarni borib ko‘rishdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 6-8 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi.