locale OZ

Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Samarqand shahridagi “Silk Road” xalqaro turizm markazida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
photo: MOQ

Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Samarqand shahridagi “Silk Road” xalqaro turizm markazida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand so‘zga chiqib, olimpiada ishtirokchilarini qutladi hamda Markaziy Osiyo mamlakati - O‘zbekiston tarixida ilk bor shaxmat olamining eng yirik jamoaviy turniriga mezbonlik qilayotganini taʼkidladi.

Bu yilgi Olimpiada ishtirokchilar va jamoalar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Musobaqada jami 397 ta jamoa, jumladan, erkaklar (Open) guruhida 207 ta va ayollar guruhida 190 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib boradi. Bellashuvlarda 1970 nafar shaxmatchi, shu jumladan, 238 nafar grossmeyster ishtirok etmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida xalqaro shaxmat tashkilotlari, xorijiy delegatsiyalar, terma jamoalar vakillari hamda sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiadada kuchli tarkib bilan qatnashmoqda. Erkaklar jamoasi safida jahon reytingining kuchli o‘nligidan joy olgan Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov, shuningdek, Nodirbek Yakubboyev, Shamsiddin Vohidov hamda FIDE Jahon chempioni Rustam Qosimjonov ishtirok etmoqda.

Ayollar terma jamoasi tarkibida esa Afruza Xamdamova, Gulruhbegim Toxirjonova va mamlakatimiz shaxmat maktabining boshqa iqtidorli vakillari O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.

Shuningdek, Samarqandda 3-Parashaxmat olimpiadasi ham o‘tkazilmoqda. Unda 41 ta jamoa va 198 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Mazkur ko‘rsatkich Parashaxmat olimpiadasi tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, musobaqa inklyuziv sportni rivojlantirish va shaxmatning barcha uchun ochiq sport turi sifatidagi nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Olimpiada bilan bir qatorda, 19–28-sentyabr kunlari Samarqandda 97-FIDE Kongressi ham bo‘lib o‘tadi. Unda 200 dan ortiq shaxmat federatsiyalari rahbarlarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Tarixiy Samarqandda ushbu nufuzli tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning yirik xalqaro sport va intellektual musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 27-sentyabrga qadar davom etadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting