Samarqand viloyatida ham 2025-yil sarhisobi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Samarqand viloyatida ham 2025-yil sarhisobi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Viloyatlarda 2025-yil yakunlari hamda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan hisobot-taqdimotlar davom etmoqda. Navbat Samarqand viloyatiga keldi.
Samarqand Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida viloyat og‘ir atletika bo‘limining 2025-yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan yil davomida erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil Samarqand viloyati og‘ir atletikachilari uchun ham sermahsul va yutuqlarga boy bo‘ldi. Viloyat sportchilari respublika miqyosidagi chempionat va birinchiliklarda faol qatnashib, umumjamoa hisobida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdilar. Shu bilan birga, Samarqand vakillari ham O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etib, mamlakat sharafini himoya qildilar.
Xususan, viloyat o’g’loni Sharoffiddin Amriddinov Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan Islom birdamlik o‘yinlarida +110 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida (Lima shahri) Xikmatillo Xaydarov ham bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tehron shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Fajr Cup” xalqaro turnirida 65 kg vazn toifasida Diyorbek Odilov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Urganch shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatida Asilbek Boltayev oltin, Nozimaxon Ro‘ziyeva esa kumush medalga ega chiqdi.
Mazkur natijalar yig‘ilish davomida e’tirof etilib, sportchilar va murabbiylar faoliyatiga yuqori baho berildi.
Yig‘ilishda Sport boshqarmasi vakili Dj. Nurmanov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi B. Negmatov, Samarqand OPSTTM direktori O. Bagirov, viloyat federatsiyasi ijrochi direktori G‘. Tolibov, viloyat og‘ir atletika bo‘limi bosh murabbiyi A. Usmonov, sport maktablari rahbarlari, tajribali murabbiylar, hakamlar hamda terma jamoa a’zolari ishtirok etdilar.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar doirasida 2025-yil davomida qayd etilgan sport natijalari chuqur tahlil qilinib, murabbiylar faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berildi. Shuningdek, 2026-yilga mo‘ljallangan musobaqalar taqvimi, sportchilar tayyorgarlik rejasi va strategik yo‘nalishlar taqdim etildi.
Muhokamalarda 2028-yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritishi kutilayotgan sportchilar tayyorgarligi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mutaxassislar ishtirokida aniq va manzilli reja hamda vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi B. Negmatov tomonidan sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh homiy tashkilotlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.