Saint Louis Rapid & Blitz: Abdusattorov birinchi kunni uch amerikalik raqibga qarshi o'tkazdi
AQShning Missuri shtati Sent-Luis shahrida mukofot jamg'armasi 175 ming dollar bo'lgan nufuzli Saint Louis Rapid & Blitz shaxmat turniri start oldi. Bu musobaqa GCT turkumidagi to'rtinchi bosqich hisoblanadi va unda dunyoning yetakchi grossmeysterlari bosh sovrin uchun kurashmoqda. Turnir 15 avgustgacha davom etadi.
Tartibga ko'ra, dastlab 3 kun rapid (25+10), keyingi 2 kun blitz (5+2) yo'nalishida bahslar o'tkaziladi. Rapidda g'alaba 2 ochko, blitzda esa 1 ochko bilan baholanadi. Rapid qismi 9 turdan, blitz qismi esa aylana tizimda 18 turdan iborat.
Birinchi kungi 3 rapid uchrashuvida Nodirbek Abdusattorov uchala partiyani ham amerikalik grossmeysterlarga qarshi o'tkazdi. U qora donalarda Wesley So bilan durang qayd etdi, keyin Fabiano Caruanaga mag'lub bo'ldi. Uchinchi turda Levon Aronyanga qarshi yutuqli pozitsiyada xatoga yo'l qo'yib, alamli tarzda imkoniyatni qo'ldan boy berdi.
Bugun 4-turda hamyurtimiz AQSh vakili Grigoriy Oparinga qarshi oq donalarda o'ynaydi. Keyin qora donalarda vetnamlik Le Quang Liem va oq donalarda Hindistonlik jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi.