Saidyoqub Qahramonov Jon Jonsga tegishli ligada UFC jangchisiga qarshi ringga chiqadi
O‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Saidyoqub Qahramonovning navbatdagi jangi sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi. 29 yoshli sportchimizning navbatdagi bellashuvi 15 iyun kuni AQShning Florida shtatidagi Mayami shahrida joylashgan The Hangar at Regatta Harbour arenasida tashkil etiladigan DBX 2 turniri doirasida bo‘lib o‘tadi.
Ushbu musobaqa Dirty Boxing formatida, ya’ni maxsus qoidalarga asoslangan boks janglari bilan muxlislarga namoyon bo‘ladi. Saidyoqub Qahramonovning raqibi — amerikalik tajribali UFC jangchisi Alex Caceres bo‘ladi. Bu ikki sportchi uchun ham Dirty Boxing doirasidagi ilk jang hisoblanadi. Ular finaldan oldingi asosiy jang — co-main event sifatida oktagonga chiqishadi.
Turnirning markaziy jangida surinamik mashhur UFC jangchisi Jairzinho Rozenstruik va Power Slap ishtirokchisi Devon Schwan o‘zaro to‘qnash keladi.
Ma’lumot uchun, Dirty Boxing ligasiga og‘ir vazn toifasidagi UFC chempioni Jon Jones ham egalik qiladi. Ushbu liganing ilk musobaqasida o‘zbekistonlik yana bir jangchi — Anvar Boynazarov ishtirok etib, raqibini ilk raundda nokautga uchratgandi.
Avvalroq Saidyoqub Qahramonovning 17 may kuni WXC 97 (Warrior Xtreme Cagefighting) musobaqasi doirasida sobiq UFC jangchisi Hose Johnsonga qarshi jang qilishi kerakligi haqida xabar berilgandi. Biroq, noma'lum sabablarga ko‘ra, ushbu bellashuv amalga oshmadi.