Ronalduga taqlid qilgan jangchi UFC bilan shartnoma imzoladi
Braziliyalik MMA jangchisi Duglas da Lapa Dana White's Contender Series turniridagi g‘alabasidan so‘ng UFC bilan shartnoma imzoladi. 27 yoshli sportchi Davi Kabralni uchinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etdi va g‘alabasini Krishtianu Ronalduning mashhur harakati bilan nishonladi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, da Lapa jangdan keyin Ronaldu uning eng katta kumiri ekanini aytgan. Braziliyalik sportchi portugaliyalik futbolchining mehnatsevarligi, intizomi va doimo g‘alabaga intilishidan ilhom olishini ta’kidlagan.
UFC rahbari Dana Uayt jangchining chiqishini yuqori baholab, unga tashkilot bilan shartnoma taklif qildi. Braziliyalik sportchi uchun bu professional faoliyatidagi eng muhim voqealardan biriga aylandi. U UFC safiga qo‘shilishni uzoq yillardan beri orzu qilganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Duglas da Lapa professional MMA faoliyatida 7 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Uning navbatdagi raqibi va UFCdagi debyut sanasi hozircha ma’lum emas.