“Road to Asian Games” dasturining ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-yilda Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan 20-Yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tashabbusi bilan “Road to Asian Games” dasturi amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasidagi birinchi bosqich joriy yilning fevral oyida Hindistonning Saharanpur shahrida o‘tkazilib, unda Kurash hakamlari uchun seminar va reyting imtihonlari tashkil etilgan edi.
Ikkinchi bosqich esa 5–12 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu bosqich Xalqaro Kurash instituti tomonidan o‘tkazilgan 3 oylik onlayn seminarning yakuniy amaliy mashg‘ulotlari va ITOs – xalqaro texnik rasmiylar uchun mo‘ljallangan maxsus tayyorgarlik dasturini o‘z ichiga oldi.
Bugun, dastur doirasidagi mashg‘ulotlarning so‘nggi kuni, Ramada mehmonxonasida ITOs ishtirokida yakuniy reyting imtihonlari o‘tkazildi. Imtihon jarayonida ishtirokchilar xalqaro musobaqalarni tashkil etish bo‘yicha olgan nazariy va amaliy bilimlarini namoyon etishdi.
Natijalarga ko‘ra, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Taqdirlash marosimida IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri, Texnik Direktor Ravi Kapoor, IKA Administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev, sport direktori Bae Heongsik, sport komissiyasi a’zosi Juan Da Wei, Xalqaro Kurash instituti rektori Habibilla Tadjiyev hamda boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etishdi.
Marosimda so‘zga chiqqan IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirar ekan, o‘zlashtirilgan bilim va tajribalar ularning kelgusi faoliyatida muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.