Rasman: Mendes O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi
Bugun, 6 aprel kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasi terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan Xose Mariya Mendes bilan rasman shartnoma imzoladi. Bu haqida federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, ispaniyalik murabbiy avval ham ikki bor – 2011-2012 yillarda hamda 2014-2017 yillarda O‘zbekiston futzal terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida “oq bo‘rilar” 2016 yilgi Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2016-2017 yillari mamlakatning “Ardus”klubini ham boshqargan.
Mendes 1974 yil 28 martda Ispaniyaning Lugo shahrida tug‘ilgan. U o‘z faoliyatini “Lugo” va “Autos Lobelle” jamoalarida darvozabon sifatida boshlagan. Ammo u uzoq vaqt futzalda o‘ynay olmagan va 22 yoshida murabbiylik qilishga o‘tgan.