Rasman: Hamzat Chimayev may oyida Shon Striklendga qarshi oktagonga koʻtariladi
O‘rta vazn toifasida UFC chempioni, 31 yoshli Hamzat Chimayev o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. UFC tashkilotining rasmiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Chimayev sobiq chempion, amerikalik Shon Striklendga qarshi oktagonga chiqadi.
Ushbu qarama-qarshilik 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan UFC 328 turnirining markaziy jangi maqomida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Hamzat Chimayev 2025 yil 17 avgust kuni Janubiy Afrika vakili Drikus dyu Plessiga qarshi besh raundlik jang o‘tkazib, hakamlarning bir ovozdan qabul qilgan qarori bilan g‘alaba qozongan edi.
Uning raqibi Shon Striklend esa o‘zining oxirgi jangini joriy yilning 22 fevral kuni Xyuston shahrida o‘tkazdi. Mazkur to‘qnashuvda Striklend amerikalik Entoni Ernandes ustidan uchinchi raundda texnik nokaut evaziga zafar quchgan edi.