Raqamli avtosport bo‘yicha O‘zbekiston chempionati I bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Toshkent shahridagi CAEx ko‘rgazmalar majmuasi hududida tashkil etilgan eng yirik "MFEST 2026" avtomobillar festivali maydonchasida raqamli avtosport bo‘yicha aylanma poygalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempionatining 1-bosqichi - NAFKU eSports GT3 Championship bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston Milliy Avtomobil va Mototsikl Federatsiyasi (NAFKU) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi ko‘magida tashkil etildi va mamlakatimizda simreysing bo‘yicha o‘tkazilgan ilk rasmiy davlat chempionatiga aylandi.
Uch kun davomida dastlabki onlayn saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 32 nafar eng kuchli virtual pilot afsonaviy Monza trassasida, Assetto Corsa Competizione simulyatoridagi Mercedes-AMG GT3 avtomobili rulida g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.
Shiddatli va murosasiz kurash yakunlariga ko‘ra sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin - Nikolay Girda
2-o‘rin - Toshkenboy Abdullayev
3-o‘rin - Sultonxon Xolmuhamedov
Final poygalari ishtirokchilarning yuqori tayyorgarlik darajasini ko‘rsatdi hamda O‘zbekiston Respublikasida raqamli avtosport jadal rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqladi. G‘olib va sovrindorlar eSports pilotlarining milliy reytingini shakllantirish hamda kelgusida FIA shafeligidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etish yo‘lida muhim qadam tashladilar.