RADOCAning navbatdagi hisobot yig‘ilishi Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tmoqda
Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ga aʼzo davlatlar har yili navbatma-navbat o‘z hududida hisobot yig‘ilishini o‘tkazadi. O‘zbekiston mintaqadagi geografik joylashuvi bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va Tojikiston bilan birga RADOCA tarkibiga kiradi.
Avvalgi – 2023 va 2024-yillardagi hisobot yig‘ilishlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yilgi anjuman Qirg‘izistonda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida mamlakatlarda antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar va dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Maʼlumot uchun, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) global miqyosdagi tashkilot bo‘lib, ayrim mamlakatlardagi faoliyatini mintaqaviy va milliy antidoping tashkilotlari – RADO va NADOlarga topshiradi. Ular WADA tomonidan ishlab chiqilgan Butunjahon antidoping kodeksiga amal qiladi.