“Qonaev Cup 2025”: O‘zbekistonlik shaxmatchilar mukofotlar uchun kurashni boshladi
Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida start olgan nufuzli “Qonaev Cup 2025” shaxmat turnirida dunyo bo‘ylab 19 davlatdan 268 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Uchinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada umumiy mukofot jamg‘armasi 100 000 dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston sharafini besh nafar shaxmatchi himoya qilmoqda. Ulardan Muhammadzohid Suyarov (reytingi — 2488) va Humoyun Begmuratov (2466) 78 ming dollar sovrin tikilgan “Masters” guruhida ishtirok etyapti. 15 ming dollarlik “Challengers” guruhida esa grossmeyster Aleksey Barsov (2323), Miraziz Matyakubov (2260) va Azamat Daurimbetov (2199) bellashmoqda.
Turnirning birinchi turida Suyarov qora donalarda qozog‘istonlik Satbek Ahmedinov (2375) bilan durang o‘ynadi. Humoyun Begmuratov ham qora donalarda mezbonlar vakili Ayaulim Kaldarova (2220) bilan ochko bo‘lishishga majbur bo‘ldi.
“Challengers” guruhida esa barcha yurtdoshlarimiz muvaffaqiyatga erishdi. Aleksey Barsov oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan Grigoriy Fyodorov ustidan g‘alaba qozondi. Miraziz Matyakubov qozog‘istonlik Darmen Daurenni, Azamat Daurimbetov esa Dmitriy Danilovni mag‘lub etdi.
Musobaqa davom etmoqda va shaxmatchilarimizni yana bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutmoqda.