“Qonaev Cup 2025”: Matyakubov va Daurimbetov 2-turdan so‘ng peshqadamlar qatorida
Qozog‘istonning Olmaota shahrida 100 000 dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega “Qonaev Cup 2025” xalqaro shaxmat turniri qizg‘in pallaga kirdi. Unda 19 davlatdan 268 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston sharafini 5 nafar shaxmatchi himoya qilmoqda.
“Masters” guruhida ishtirok etayotgan Muhammadzohid Suyarov (2488) 2-turda qozog‘istonlik Ayaulim Kaldarova (2220)ga qarshi oq donalarda o‘ynab, durang qayd etdi. Ilk turda ham u musobaqani durang bilan boshlagan edi. Humoyun Begmuratov (2466) esa Ergali Suleyman (2408)ga mag‘lub bo‘ldi. Hozircha Suyarov 1 ochko bilan 42-o‘rinda, Begmuratov esa 0,5 ochko bilan 54-pog‘onada boryapti.
“Challengers” guruhidagi shaxmatchilarimizdan Miraziz Matyakubov (2260) va Azamat Daurimbetov (2199) ikkinchi turda ham g‘alaba qozonishdi. Ular mos ravishda Rizat Ulan va Shingis Boran ustidan zafar quchishdi. Har ikki shaxmatchimiz 2 ta g‘alaba bilan peshqadamlar safida qayd etilgan.
Tajribali grossmeyster Aleksey Barsov (2323) esa bu turda Isabek Tanikin (2110)ga yutqazib qo‘ydi. U birinchi turda g‘alaba qozongan edi.
Musobaqa davom etmoqda va navbatdagi turlar yurtdoshlarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.