Qo'l janggi. Oʻzbekiston jamoasi — Osiyo kubogining mutlaq gʻolibi
Joriy yilning 13–18 noyabr kunlari Tailandning Pattaya shahrida qoʻl jangi boʻyicha “Osiyo kubogi” musobaqasi oʻtkazildi.
Osiyo qoʻl jangi federatsiyasi va Xalqaro federatsiya hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada Moʻgʻuliston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Hindiston, Eron kabi davlatlar qatoridan tashrif buyurgan sportchilar ishtirok etdilar. Umumiy hisobda 22 ta davlatdan kelgan jamoalar ushbu kubok uchun kurash olib bordi.
Musobaqa davomida sportchilar “Oʻzini himoya qilish” va “Jang” yoʻnalishlarida mahorat sinovini oʻtkazib, xarakter, tezkorlik va texnik mahoratini namoyish etdilar. Bellashuvlar yuqori raqobat va shiddatli janglar ostida kechdi.
Qoʻl jangi boʻyicha Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi musobaqada munosib qatnashib, yana bir bor oʻzining yuqori darajadagi tayyorgarligini namoyon etdi. Umumjamoa hisobida sportchilarimiz 15 ta oltin, 6 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqib, munosib ravishda 1-oʻrinni qoʻlga kiritdilar.