QFB O‘zbekiston terma jamoasi qatnashgan turnirdagi ishtiroksizlik borasidagi tanqidlarga javob berdi
Qozog‘iston boks federatsiyasi ijrochi direktori Rauan Igenev Polsha poytaxti Varshavada o‘tayotgan World Boxing kubogida milliy terma jamoaning ishtirok etmagani borasida bayonot berdi.
O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqaga asosiy tarkib bilan kelgan bo‘lsa, Qozog‘iston unda ishtirok etishdan voz kechdi. Bu qaror sport jamoatchiligi va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
«Har bir terma jamoaning o‘z tayyorgarlik rejasi, ustuvor yo‘nalishlari va mashg‘ulot jarayoni bor», — dedi Igenev. — «Biz barcha jarayonlarga tizimli yondashamiz. Kimdir musobaqada qatnashmoqda, kimdir mashg‘ulotda, yana boshqalar boshqa turnirlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hech bir bokschimiz bekor o‘tirgani yo‘q»
Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston termasi Polshadagi bosqichda qatnashmagani ortiqcha muhokamaga sabab bo‘lmasligi kerak.
«Albatta, Qozog‘iston va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar har doim katta qiziqish uyg‘otadi, shu bois bunday mavzular muhokama qilinayotganini tushunaman. Ammo qaysi musobaqada qatnashishni tanlash — har bir jamoaning ichki ishi. Bugun biz ishtirok etmadik, ertaga, ehtimol, O‘zbekiston bizning musobaqamizga kelmas — sportda bunday holatlar bo‘lib turadi. Bir turnirda qatnashmaslik jamoa reytingi yoki nufuziga ta’sir qilmaydi», — deya xulosa qildi Igenev.