Qarshida «UZBEKISTAN JUDO TOUR» musobaqasi oʻtkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport sohasini yanada rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etib kelinayotgan “Uzbekistan Judo Tour” musobaqasining navbatdagi bosqichiga Qashqadaryo viloyati mezbonlik qilmoqda.
Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli turnirda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq iqtidorli dzyudochilar 4 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashmoqda.
Musobaqa yosh sportchilar uchun nafaqat tajriba maktabi, balki kelajakdagi yirik xalqaro arenalar sari muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni daqiqalarda tatamida saralash bellashuvlari yuqori saviyada, keskin va murosasiz kurashlar ostida davom etmoqda. Har bir uchrashuv sportchilarning texnik mahorati, jismoniy tayyorgarligi va iroda kuchini namoyon etmoqda.
Mazkur musobaqa orqali hududlarda dzyudo sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni professional sport yo‘liga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanadi.