Qarshi shahrida zamonaviy suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 7-iyul kuni Toshkent shahrida ayrim obyektlarga amalga oshirilgan tashrif davomida berilgan topshiriqlar hamda 30-sonli bayon ijrosini ta’minlash maqsadida, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar “Chaman” MFY hududida zamonaviy yopiq suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, World aquatics byurosi aʼzosi Shahnoza Mirziyoyeva, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, Kasaba uyushmalari hamda Uzbekistan aquatics federatsiyalari raisi Qudratilla Rafikov, Sport vaziri Adkham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda mahalla faollari, murabbiylar va sportchilar ishtirok etdi.
Qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, barcha asosiy va yordamchi infratuzilmalar belgilangan loyiha talablari asosida barpo etilgan.
Yangi barpo etilgan suv sporti saroyi xalqaro standartlarga mos holda jihozlangan bo‘lib, unda 50x21 metr o‘lchamdagi asosiy suzish havzasi, 16x16 metrli balandlikdan sakrash havzasi, bolalar uchun 2 ta 6x12 metrli basseynlar, fitness va majlis zallari, media xonalari hamda yordamchi infratuzilmalar mavjud. Shuningdek, tomoshabinlar uchun 500 o‘rindiq, kirish qismida katta zal, 40 kishilik dush va kiyim almashtirish xonalari, 2 ta sauna hamda dam olish xonalari barpo etilgan.