Professional futbolga investorlar va tadbirkorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi
Professional futbolga investorlar va tadbirkorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-martdagi PQ-107-sonli “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida professional futbol klublariga investorlar va tadbirkorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamada professional futbol klublarini tadbirkorlar yoki tadbirkorlar guruhiga ishonchli boshqaruvga berish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, klublarda korporativ boshqaruvni joriy etish va ularning faoliyatini tijoratlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qarorda belgilangan tartibga ko‘ra, klubning yillik xarajatlarining kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘larini kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda klublarning moliyaviy barqarorligi, boshqaruv samaradorligi va rivojlanish istiqbollarini ta’minlash maqsad qilinadi.
Shuningdek, professional futbol klublarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi muhokama qilinib, tegishli takliflar ko‘rib chiqildi.