Presidential Cycling Tour of Türkiye ko'p kunlik musobaqasida O'zbekiston velosporti uchun tarixiy natija qayd etildi
Turkiya davlatida o'tayotgan nufuzli “Presidential Cycling Tour of Türkiye” ko'p kunlik musobaqasida O'zbekiston velosporti uchun tarixiy natija qayd etildi. Italiyaning "Bardiani CSF 7 SABER" professional jamoasida faoliyatini davom ettirayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Nikita Svetkov musobaqaning 5-bosqich poygasida marraga uchinchi bo'lib yetib keldi va bronza medaliga ega chiqdi.
Ushbu bosqichda velopoygachilar 180,7 km masofani bosib o'tishdi. Bu 2026 yilgi turnirning eng uzun va murakkab bosqichlaridan biri bo'lib, bunda sportchidan nafaqat tezlik, balki katta jismoniy tayyorgarlik, chidamlilik, taktik fikrlash va kuchni to'g'ri taqsimlash talab etiladi. 5-bosqich yakunida Niderlandiyalik Kasper van Uden g'oliblikni qo'lga kiritgan bo'lsa, ikkinchi o'rinni Marchin Budzinski egalladi. Uchinchi o'rinda finish chizig'ini bosib o'tgan O'zbekiston vakili esa 4:06:09 natija ko'rsatdi.
Eslatib o'tamiz, “Presidential Cycling Tour of Türkiye” xalqaro velosport taqvimidagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi. Joriy yilgi musobaqada 23 ta professional jamoadan 161 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Ular orasida WorldTour, ProTeam va Continental maqomidagi jamoalar va sportchilar bor.
Bu natija mamlakatimiz velosporti uchun alohida ahamiyatga ega. Sababi, UCI ProSeries taqvimiga kiritilgan 2.РRO toifasidagi bunday yuqori darajali xalqaro poygada O'zbekiston vakilining shohsupaga ko'tarilishi so'nggi 20 yildagi eng muhim sport voqealaridan biri sifatida baholanmoqda!