Pencak silat bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasida sportning pencak silat turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tantanali ochilish marosimida Sport vaziri oʻrinbosari Shaxrillo Maxmudov, Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ilxam Tua bin Illias janoblari, Pencak silat federatsiyasi rahbariyati, keng sport jamoatchiligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan turli yosh toifalaridagi jami bir yarim mingdan ortiq sportchi ishtirok etib, o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi va jangovar salohiyatini namoyon etmoqda.
Bu esa mamlakatimizda pencak silat sport turiga bo‘lgan qiziqish va e’tibor yil sayin ortib borayotganining yaqqol ifodasidir.
Chempionat davomida sportchilar turli vazn va yosh toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib borib, yuksak texnik mahorat, tezkorlik va matonat namunalarini ko‘rsatmoqdalar. Musobaqalar shaffof va adolatli hakamlik asosida o‘tkazilayotgani ishtirokchilar hamda murabbiylar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu chempionat nafaqat mamlakat miqyosidagi muhim sport tadbiri, balki xalqaro musobaqalar uchun saralash bosqichi sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.
Chempionat g‘olib va sovrindorlari 2026-yil yakunida O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan pencak silat bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.