Parij yana bir bor dunyo polvonlarini birlashtirdi
Parij yana bir bor dunyo polvonlarini birlashtirdi
Fransiya poytaxti Parij shahridagi Centre Sportif Émile Anthoine sport majmuasida Kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro ochiq turnir yuqori saviyada tashkil etildi.
17–19 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada Osiyo, Yevropa, Afrika va Avstraliya qit’alarining 28 davlatidan 100 nafarga yaqin eng kuchli polvonlar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Shu tariqa Parij yana bir bor xalqaro Kurashning eng yirik maydonlaridan biriga aylandi.
Turnirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir G‘aniyev hamda Yevropa Kurash konfederatsiyasi prezidenti Merampi Iliadis ishtirok etib, mazkur musobaqa yil sayin o‘z nufuzi va ishtirokchilar geografiyasini kengaytirib, dunyo Kurash taqvimidagi eng muhim xalqaro turnirlardan biriga aylanganini ta’kidladilar.
Musobaqa nafaqat sport bahslari, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi katta bayramga aylandi. Fransiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida o‘zbek milliy hunarmandchiligi, milliy taomlar va xalq amaliy san’ati namoyish etildi. Shuningdek, o‘zbek san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturlari minglab mehmonlar va Parij ahliga haqiqiy o‘zbekona muhitni taqdim etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Kurash federatsiyasi, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi, Yevropa Kurash konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida Yevropa davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlarni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.
Ushbu loyihaga 2022 yilda Germaniyaning Frankfurt, Bolgariyaning Ruyen, Turkiyaning Istanbul va Fransiyaning Parij shaharlari mezbonlik qildi. 2023 yilda musobaqa yana Parij shahrida muvaffaqiyatli tashkil etildi. 2024 yilda esa Fransiyada Yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilgani munosabati bilan turnir Italiya poytaxti Rim shahriga ko‘chirildi. Keyingi yillarda musobaqa yana Parijga qaytdi va ishtirokchilar soni hamda nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda.
Bugun ushbu turnir Yevropa qit’asida Kurashni ommalashtirish, yangi mamlakatlarni ushbu sport turiga jalb etish va O‘zbekistonning milliy brendi sifatida Kurashni dunyoga keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.