O‘zDJTSU va Sian jismoniy tarbiya universiteti o‘rtasida Qo‘shma tadqiqot markazi tashkil etiladi!
Bugun, 4 iyun kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Sian jismoniy tarbiya universiteti partiya kotibi Liu Zi Shi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Faxriy mehmonlarni universitet rektori Rashid Matkarimov, Sport vazirligi vakili Muqim Arziqulov hamda universitet jamoasi tantanali kutib oldi. Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, seminarlar, sport musobaqalari hamda qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi va bir qator takliflar bildirildi.
Shuningdek, universitetlararo hamkorlikni kengaytirish va xalqaro sport ta’limi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Liu Zi Shi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy professori” unvoni bilan taqdirlandi.
Tashrif doirasidagi eng muhim voqealardan biri — O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Sian jismoniy tarbiya universiteti o‘rtasida Qo‘shma tadqiqot markazining tashkil etilishi bo‘ldi. Ushbu markaz kelgusida sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkonini beradi.