O‘zbekistonlik mutaxassis Eron ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
Eron Islom Respublikasi Sport vazirligida O‘zbekistonlik mutaxassisni Kurash bo‘yicha Eron ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlash yuzasidan rasmiy e’lon qilindi.
Mazkur muhim qaror Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriyning Eron Sport vazirligi bilan olib borgan samarali muzokaralari hamda O‘zbekiston Kurash federatsiyasining yaqindan ko‘rsatgan ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida amalga oshirildi.
Qabul qilingan qarorga muvofiq, tajribali o‘zbekistonlik murabbiy Umida Matyoqubova bugun Eronga yetib borib, rasman o‘z vazifasiga kirishadi. U Eron ayollar terma jamoasini 2026-yilgi Osiyo o‘yinlari yakuniga qadar boshqaradi.
Tayinlov munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eron Sport vaziri o‘rinbosari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. U Kurash vatani hisoblangan O‘zbekistondan malakali murabbiy jalb etilganini katta mamnuniyat bilan e’tirof etar ekan, Umida Matyoqubovaning tajribasi Eron ayollar terma jamoasi sportchilarining mahoratini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.