O‘zbekistonlik futzalchi Indoneziya klubi bilan shartnoma imzoladi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Elbek To‘lqinov o‘z sovrinlari qatoriga Indoneziya chempionati oltin medallarini ham qo‘shib qo‘ydi.
2025/2026 yilgi mavsumning 8-turigacha Buxoroning "Oil Star" jamoasi sharafini himoya qilgan Elbek mart oyida Indoneziyadan tushgan taklifni qabul qilib, legioner sifatida faoliyatini davom ettirishga qaror qilgandi.
U Indoneziyaning yetakchi klublaridan biri — "Bintang Timur" safiga kelib qo‘shilgan paytda amaldagi chempion kuchli to‘rtlikdan joy olish uchun kurashayotgan edi. Elbekning qadami qutlug‘ keldi: jamoa muntazam chempionatni 3-o‘rinda yakunlab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yarim finalda "Bintang Timur" muntazam chempionatning ikkinchi pog‘onasini egallagan "Black Steel Papua"ga qarshi maydonga tushdi. Dastlabki uchrashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan Elbek va uning jamoadoshlari javob bahsida 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra muvozanat tiklangach, finalchi nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda "Bintang Timur" 5:4 hisobida ustun keldi.
Ikkinchi yarim finalda esa muntazam chempionat g‘olibi, Elbekning ukasi Ashir To‘lqinov to‘p surayotgan "Fafage Banua" jamoasi kutilmaganda "Kosmo JNE"ga ikki uchrashuvda ham (2:3 va 1:2) imkoniyatni boy berib, final yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.
Shu tariqa chempionlik uchun "Bintang Timur" va "Kosmo JNE" jamoalari o‘zaro bahs olib borishdi. Har ikki final uchrashuvida ham tartibli va ishonchli o‘yin namoyish etgan "Bintang Timur" ketma-ket g‘alabalar evaziga Indoneziya chempionligi unvonini munosib himoya qildi.
O‘zbekiston chempionatining 2025/2026 yilgi mavsumidagi eng yaxshi to‘purari bo‘lgan (31 gol) Elbek To‘lqinov Indoneziyada ham o‘z mahoratini namoyish etdi. U chempion jamoa safida 3 ta gol urish bilan birga, jamoadoshlariga ko‘plab samarali, golli uzatmalarni amalga oshirdi.
Ashir To‘lqinov esa mavsumni Indoneziya chempionatining bronza medali bilan yakunladi va o‘z hisobiga 1 ta gol yozdirib qo‘ydi.