Oʻzbekiston Yilqichilik va Ot Sporti Federatsiyasi Raisi FEI Solidarity Group qoʻmitasi aʼzosi etib tayinlandi
2025-yil 4–7-noyabr kunlari Gonkongda boʻlib oʻtgan Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI)ning yillik Bosh assambleyasida Baxromjon Gaziyev, Oʻzbekiston Yilqichilik va Ot Sporti Federatsiyasi (HEFU) raisi, Yevroosiyo Ot Sporti Assotsiatsiyasi (EEA) vitse-prezidenti hamda Osiyo Ot Sporti Federatsiyasi (AEF) vitse-prezidenti, FEI Solidarity Group qoʻmitasi aʼzosi etib tayinlandi.
Baxromjon Gaziyev Yevroosiyo Ot Sporti Assotsiatsiyasidan vakil sifatida tayinlanib, bu lavozimda Qirgʻiziston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Sadyr Mamyitovni almashtirdi. Mazkur assambleyada FEI tarkibiga kiruvchi 134 ta mamlakat vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston tomonidan 2027-yilgi FEI Bosh assambleyasini Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha rasmiy ariza topshirildi. Xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, mamlakatning bu tashabbusi tasdiqlanish ehtimoli yuqori boʻlib, bu Oʻzbekistonning jahon ot sporti sohasidagi nufuzini yanada mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻladi.

Maʼlumot uchun: FEI Solidarity
FEI Solidarity — Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) tomonidan 2011–2012-yillarda «Olympic Solidarity» dasturi namunasi asosida yoʻlga qoʻyilgan rasmiy dasturdir. Dasturdan maqsad — FEI aʼzo mamlakatlarida ot sportini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, xususan, kadrlar tayyorlash, infratuzilma va taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishdir.
FEI Solidarity dasturining asosiy yoʻnalishlari:
• Milliy federatsiyalarga moliyaviy va texnik yordam koʻrsatish (grantlar, uskunalar, stipendiyalar);
• Murabbiylar, hakamlar va mutaxassislar uchun oʻquv kurslari, seminarlar va amaliy mashgʻulotlar tashkil etish;
• Yoshlar hamda inklyuziv loyihalarni rivojlantirish orqali milliy ot sporti tizimining barqaror oʻsishini taʼminlash.
FEI Solidarity Group qoʻmitasi FEI tarkibidagi toʻqqizta mintaqaviy guruh (Group I–IX) vakillaridan tashkil topgan boʻlib, u jahon miqyosida ot sportini rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslarni amalga oshirish uchun masʼuldir.