locale OZ

Oʻzbekiston velosport federatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi

Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Oʻzbekiston velosport federatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi
PHOTO: Telegram

Bugun, 18-aprel kuni Oʻzbekiston velosport federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot va saylov konferensiyasi oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston velosport federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev va hududiy boʻlimlar vakillari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda ishtirok etdilar.

Konferensiya davomida bir qator muhim masalalar koʻrib chiqildi, shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan islohotlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, velosport boʻyicha ayollar milliy terma jamoasi natijalari alohida eʼtirof etildi. Ayol velosportchilarimizning xalqaro turnirlarda legioner sifatida muvaffaqiyatli ishtiroki natijasida Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muhim ochkolar toʻplab berayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, iqtidorli qizlarni kelgusida ham legioner sifatida jalb etish gʻoyasi ilgari surildi.

Shuningdek, oldinda turgan yirik musobaqalar, xususan, Osiyo oʻyinlari va Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Ushbu nufuzli turnirlarda kuchli oʻnlikka kirish vazifasi yuklatilganligi inobatga olinib, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va aniq rejalashtirilgan tayyorgarlik ishlari haqida maʼlumot berildi.

Konferensiyaning asosiy kun tartibidan biri — yangi lavozimlarga tayinlovlar boʻldi. Muhokamalar natijasida, ishtirokchilarning yakdil qaroriga koʻra, Asqar Abduvaliyevich Togʻaybekov Oʻzbekiston velosport federatsiyasi raisi oʻrinbosari lavozimiga saylandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston velosport federatsiyasining Toshkent shahar bosh kotibi sifatida faoliyat yuritayotgan Abduaziz Abdujabarovich Abdurazaqov — Oʻzbekiston velosport federatsiyasining bosh kotibi lavozimiga saylandi.

Yigʻilish yakunida barcha ishtirokchilarga oʻz vazifalariga masʼuliyat bilan yondashish, federatsiya faoliyatini yanada rivojlantirish va mamlakatimiz sport salohiyatini oshirishda faol ishtirok etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting