Oʻzbekiston va Koreya kamondan otish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston Kamondan otish federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor Rustam D.Jurayev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda Kamondan otish federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari M.Ganiyev, Koreya Respublikasining kamondan otish boʻyicha yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Uchrashuvda Koreya Kamondan otish assotsiatsiyasi ijrochi direktori Chxoy Son Xo (Choi Sung-ho), Janubiy Koreya Kamondan otish assotsiatsiyasining ayollar milliy terma jamoasi murabbiyi Kim Mun Jun (Kim Mun-jun), Janubiy Koreyaning professional klubi bosh murabbiyi Chxoy Von Jon (Choi Won-jong) hamda Oʻzbekiston Kamondan otish federatsiyasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida kamondan otish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma oʻquv yigʻinlari va seminarlar tashkil etish, shuningdek, murabbiylar almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Toshkent Olimpiya shaharchasida koreyalik ekspertlar tavsiyasi asosida qurilayotgan maxsus kamondan otish maydoni kelgusida xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan asosiy arenaga aylanishi kutilayotganligi haqida ham soʻz yuritildi.
Uchrashuv doʻstona va samimiy ruhda boʻlib oʻtdi, tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida Janubiy Koreyalik mutaxassislar Oʻzbekistonlik murabbiylar uchun “Sportchilarni texnik va taktik tayyorlash” mavzusida (25-28 oktabr kunlari) uch kunlik seminar mashgʻulotlari oʻtkazishdi.
Tadbir yakunida esa mehmonlar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishishdi.
Maʼlumot uchun:
Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik kamonchilar 10 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib, salmoqli natijalarga erishdilar.
2023 yilda Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor uch yoʻnalish boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun litsenziyani qoʻlga kiritdi.
Faqatgina 2025 yilning oʻzida sportchilarimiz 10 dan ziyod medalni - shu jumladan 5 ta oltin, 1 ta kumush va bir nechta bronza medallarni qoʻlga kiritib, Osiyo Kubogi, “Gran-pri” hamda xalqaro “Alpomish va Barchinoy” musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar.
Bu natijalar oʻzbekistonlik kamonchilarning mahorat darajasi ortib borayotganini va ularning boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga faol tayyorgarlik koʻrayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Oʻzbekiston va Koreya kamondan otish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda.