O‘zbekiston va Fransiya dzyudo federatsiyalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi
"Paris Grand Slam 2026" turniri doirasida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov va Fransiya dzyudo federatsiyasi prezidenti Stefan Nomi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro imzolangan memorandum doirasidagi ikki davlat federatsiyalari munosabatlarining hozirgi holatiga baho berib, uni yanada mustahkamlash, xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Quyidagi yo‘nalishlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi:
– fransuz modelining sinovdan o‘tgan amaliyotlarini hisobga olgan holda klub infratuzilmasi va boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirish;
– Fransiya tomonining dasturiy-metodik yechimlari asosida umumiy ta’lim tizimiga dzyudo elementlarini joriy etish;
– Yaponiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari murabbiylari qatori Fransiyadan malakali mutaxassislarni O‘zbekiston hududlaridagi faoliyatga jalb qilish;
– raqamli ta’lim platformalaridan foydalangan holda milliy trener kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish;
– dzyudo qadriyatlarini ommalashtirish va gumanitar-sport aloqalarini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar oliy sport yutuqlari va ommaviy dzyudoni rivojlantirishning strategik vazifalarini o‘zida mujassam etgan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.