Oʻzbekiston U18 terma jamoasi regbi-7 boʻyicha Osiyo chempionatini munosib yakunladi
Xitoyning Xuhhoto shahrida 13–14 sentabr kunlari boʻlib oʻtgan Asia Rugby Emirates U18 7s turnirida ayollar terma jamoamiz faxrli 5-oʻrinni egalladi.
Turnirning ilk uchrashuvida qizlarimiz Malayziya terma jamoasini 15:0 hisobida ishonchli tarzda magʻlub etdi. Bu oʻyinda Gʻulrux Ruzmatova, Gulsanam Urozboeva va Nozimaxon Abdupattaeva toʻp kiritishdi.
Ikkinchi uchrashuv Hindiston terma jamoasiga qarshi boʻlib, 14:5 hisobida raqiblar foydasiga yakunlandi. Unda jamoamizning yagona toʻpini Gʻulrux Ruzmatova kiritdi. Birinchi kunning soʻnggi uchrashuvi kuchli Yaponiya terma jamoasiga qarshi boʻlib, 0:64 hisobidagi magʻlubiyat bilan yakunlandi.
Bugun, 14 sentabr kuni, qizlarimiz 5–6-oʻrin uchun Qozogʻiston terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Qizgʻin kurashda Gulsanam Urozboeva, Xulkar Ollomberganova va Shaydo Rajabova toʻp kiritishdi, 15:10 hisobidagi natija esa Oʻzbekiston terma jamoasiga munosib gʻalaba va turnirda beshinchi oʻrinni taqdim etdi.
Jamoamiz sezilarli oʻsish, jipslik va kurashchanlikni namoyish etdi. Bundan tashqari, qizlarning chiqishi Asia Rugby axborot maydonida alohida eʼtirof etildi, bu esa ularning xalqaro maydondagi saʼy-harakatlari eʼtirofi boʻldi.