O‘zbekiston U-17 yunon-rum kurashchilaridan tarixiy natija
Afinada bo‘lib o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi (U-17) Jahon chempionatida yunon-rum kurashi bahslari yakunlandi. Musobaqada o‘zbekistonlik yosh polvonlar muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sha'nini yuksak darajada himoya qilishdi.
Musobaqaning ikkinchi kunida ham ikki nafar sportchimizning zafarli chiqishi qayd etildi. 51 kg vaznda gilamga tushgan Otabek Tursunov finalda ozarbayjonlik raqibi Hikmat Xagvardievni 4:1 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shu kuni 71 kg vazn toifasida Behruzbek Valiev esa grek sportchisi Dimitrios Soulis ustidan ustunlikka erishib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Avvalgi kunlarda Bunyod Hasanov (48 kg) va Abdulaziz Holmizaev (80 kg) ham jahon chempionligini qo‘lga kiritishgandi.
Jami 4 ta oltin medal bilan O‘zbekiston U-17 yunon-rum kurashi terma jamoasi umumjamoa hisobida Erondan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston esa kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Bu natija mamlakatimizda yunon-rum kurashiga bo‘lgan e’tibor va yoshlarimizning yuqori salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.