O‘zbekiston sport delegatsiyalarini Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston sport delegatsiyalarini Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi
Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston sport delegatsiyalarini Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari davomida bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo hamda V yozgi Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Sport vaziri Adkham Ikramov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev hamda sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Marosimda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar va murabbiylarning tayyorgarlik jarayonlarini aks ettiruvchi “Bizni qarshi ol, Nagoya!” shiori ostidagi videorolik namoyish etildi.
Tadbirda dzyudo boʻyicha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari sovrindori Muzaffarbek Toʻraboyev, yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatlari sovrindori, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Assakalov hamda Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlari va jahon chempionati mutlaq g‘olibi, para yengil atletikachi Nurxon Qurbonova so‘zga chiqdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari sovrindori, og‘ir atletika bo‘yicha uch karra jahon chempioni Akbar Jo‘rayev hamda para velosport bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati mutlaq g‘olibi Marjona Pardaboyevaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tantanali ravishda topshirildi.
Marosim davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoalari tasdiqlangan rejaga muvofiq tayyorgarlikning yakuniy bosqichini olib bormoqda. Sportchilar uchun mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilib, terma jamoalar zamonaviy sport inventarlari va zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan sportchilar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishdi. Sportchilar xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.