O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘l oldi
11 iyun kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jamoaviy Jahon chempionati start oladi. Avval xabar berganimizdek, ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 55 terma jamoasi ishtirok etadi. O‘zbekiston terma jamoasi esa yetakchi grossmeysterlari bilan to‘liq holda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Jamoa tarkibidan Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov kabi tajribali shaxmatchilar joy olgan.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 000 yevroga teng bo‘lib, shundan 310 000 yevro rapid, 190 000 yevro esa blits bahslari uchun ajratilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi London shahriga yetib bordi. 11 iyun kuni rapid yo‘nalishida musobaqaning dastlabki 4 tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi:
• Nodirbek Abdusattorov (2732 / 2694)
• Javohir Sindarov (2668 / 2626)
• Rustam Qosimjonov (2641 / 2603)
• Nodirbek Yakubboev (2547 / 2563)
• Shamsiddin Vohidov (2519 / 2581)
• Nilufar Imomqo‘zieva (1943 / 2066)
• Afruza Hamdamova (2406 / 2268)