O‘zbekiston o‘smirlari shaxmat olimpiadasida kuchli raqiblarga qarshi bahs qilmoqda
Kolumbiyaning Barrankilya shahrida shaxmat bo‘yicha o‘smirlar (U-16) o‘rtasidagi Butunjahon Olimpiadasi davom etmoqda. Musobaqada 45 davlatdan 90 jamoa ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada o‘rtacha reyting bo‘yicha 2-o‘rinda qayd etilgan. Jamoaga xalqaro grossmeyster Saydali Yuldashev boshchilik qilmoqda. Tarkibdan xalqaro sport ustalari Humoyun Begmuratov (2435), Muhammadzohid Suyarov (2356), FIDE sport ustasi Asrorjon Omonov va yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni, ayollar xalqaro sport ustasi Afruza Hamdamova o‘rin olgan.
Kechagi kun natijalariga ko‘ra, 7-turda o‘smirlarimiz asosiy raqiblardan biri — Hindistonga qarshi 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Biroq 8-turda jamoamiz Kanada shaxmatchilarini 3,5:0,5 hisobida taslim etdi.
Turnir jadvalida hozircha FIDE 1 terma jamoasi barcha 8 uchrashuvda g‘alaba qozonib, peshqadamlikni qo‘lga olgan. O‘zbekiston jamoasi esa 6 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat bilan 12 ochko jamg‘argan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 4-o‘rinni egallab turibdi.
Shuningdek, 13 ochkoga ega FIDE 2 ikkinchi o‘rinni band etgan. Qozog‘iston-1, Hindiston, Xitoy, Italiya va Kolumbiya-1 jamoalari ham 12 ochkodan to‘plagan.
Bugungi hal qiluvchi 9-turda o‘smirlarimiz Italiyaga qarshi kuch sinashadi. Shuningdek, birinchi doskada FIDE 1 va FIDE 2 terma jamoalari o‘zaro bahs olib borishi turnir taqdirini belgilab berishi mumkin.