O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni yuqori saviyada davom ettirmoqda
O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni yuqori saviyada davom ettirmoqda.
Ayni kunlarda terma jamoa Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududida joylashgan Akbar Jo‘rayev nomidagi sport maktabida navbatdagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Mashg‘ulotlar murabbiylar shtabi rahbarligida puxta reja asosida tashkil etilib, sportchilarning jismoniy va funksional tayyorgarligini yanada mustahkamlash, texnik hamda taktik mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sportchilarning musobaqa oldi tayyorgarligini mukammallashtirish va yuklamalarga moslashuvini kuchaytirish bo‘yicha maqsadli mashqlar bajarilmoqda.
Yuqori tog‘ sharoitida o‘tkazilayotgan mazkur o‘quv-yig‘in sportchilarning chidamliligi, tiklanish jarayonlari hamda umumiy funksional salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur yig‘in Osiyo chempionatiga puxta va har tomonlama tayyor holda borish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari 29-iyulga qadar davom etadi.